Mazkur dastur O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi "Chet tillarni o'rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-1875-sonli, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 8 maydagi "Chet tillar bo'yicha ta'limning barcha bosqichlari bitiruvchilarining tayyorgarlik darajasiga qo'yiladigan talablar” to'g'risidagi 124-sonli  qarorlari hamda Yevropa Kengashining "Chet tilini egallash umumevropa kompetensiyalari: o'rganish, o'qitish va baholash” to'g'risidagi umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlari (CEFR - Common European Framework of Reference) ga muvofiq qayta ishlab chiqildi.

Vazirlar Mahkamasining "Chet tillar bo'yicha ta'limning barcha bosqichlari bitiruvchilarining tayyorgarlik darajasiga qo'yiladigan talablar” ga ko'ra oliy ta'lim muassasalarining ixtisosligi chet tili bo'lmagan fakultetlari bakalavriat bosqichi bitiruvchilari  to'rt yillik tahsillari nihoyasida o'rgangan chet tili bo'yicha  B 2 darajani egallashlari  lozim.

"Chet tili” fanidan tuzilgan ushbu  dastur asosida chet tili o'qituvchilari ixtisoslik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishchi dastur, o'quv-metodik majmualar va o'quv qo'llanmalarni ishlab chiqishlari mumkin.   Ushbu dastur "Chet tili”  fanini  ikki bosqichga bo'lingan holda o'qitishni nazarda tutadi:

-           umumiy bosqich (umumiy chet tili o'rganiladi).

-           kasbga yo'naltirilgan bosqich(chet tili maxsus maqsadlarda o'rgatiladi).