Toshkent Farmatsevtika Instituti

ELEKTRON KUTUBXONASI

Jahon uchun buyuk siymo.

Jahon uchun buyuk siymo.

 

 

 

Barcha oliy janob ishlarimizda

Navoiy g’oyalari, Navoiy ibrati,

Navoiy ruhi bizga hamisha hamroh bo’lsin!

I.A.Karimov

 

 

 

 

 

        Buyuk shoir va mutafakkir  Alisher Navoiy bobomizning tavalludiga 576 yil to’ldi. Buyuk mutafakkirning hayoti va ijodini o’rganish – yuksak ma’naviyatni shakllantirishning buyuk omilidir.

       Alisher Navoiy o’zbek xalqining timsoli hisoblanib, uning ijodini yosh-u qari sevib mutolaa qiladi. Shoir o’z asarlarida ezgulik, sahovat, adolat, sabr kabi tuyg’ularni ilgari surgan, yuksak insonparvarlik g’oyalarini targ’ib etgan. U insonni komillikka undagan.

       Alisher Navoiyning minglab asarlari mavjudligi, ularda qanchadan qancha ma’no borligi barchamizga ayon. Alisher Navoiyni barcha kitobxonlar «Xamsa» asaridan juda yaxshi tanishadi. Ushbu asar 5 dostonni o’z ichiga olib, ellik ikki ming misradan iborat.

       «Hayrat ul-abror»da borliqqa, tabiatga, insonga bo’lgan falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, ma’rifiy, axloqiy va estetik munosabati aks ettirilgan. Podshoh bilan ulusning insonlik nuqtai nazaridan ayirmasiz, farqsizligini, podshohning hunar, axloq, aql, insof, mantiq, taqvo yo’lida ulusdan o’ta olmaganini anglatish bayon qilingan.

     «Farhod va Shirin» dostonini Navoiyning o'zi „Farhod va Shirin"ni „shavq dostoni" deb ataydi. Asarda ishq inson hayotining mohiyati tarzida tasvirlanadi. Lekin bu xususiyat xalqga xos jo'n ishqqa emas, ilohiy ishqqa tegishlidir. Aytish kerakki, asarda majoziy va ilohiy muhabbat tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog'langan. Ularni ajratib bo’lmaydi. Chunki, Allohga bo'lgan ishq uning jilvasi bo'lmish insonga bo'lgan muhabbatdan boshlanadi. Dostonda ilohiy va majoziy ishqning biri ikkinchisini to'ldirib boradi.

       «Layli va Majnun», dostonida arab ertaklari orqali ma’lum syujet o’zining tugal shaklini topdi, unda ishq falsafasi betakror uslubda ifoda qilindi. . U naqadar g'amgin bo'lsa, shu qadar shuhrat topgan, keng yoyilgandir. Bu sevgi qissasi qanchalik g'amgin va mashhur bo'lsa, shunchalik qadimiy hamdir.

       «Sab’ayi sayyor» Xamsaning to'rtinchi dostoni bo'lib, ishqiy-sarguzasht xarakteridadir. Asarning bosh qahramoni — Bahrom. Bahrom — yetti iqlim shohi. Ovda uni izlab kelayotgan Moniyni uchratadi. Moniy xitoylik bir savdogarning go'zal qizi Dilorom haqida xabar beradi. U o'zi chizgan qizning suratini ko'rsatadi. Shoh suratni ko'rishi bilan Diloromga telbalarcha oshiq bo'lib qoladi. Xitoyning bir yillik xirojini to'lab, qizni saroyga keltiradi. Shoh qizga butunlay mahliyo bo’lib, davlat, mamlakat ishlarini unutadi...

       «Saddi Iskandariy»bu asar dunyodagi eng mashhur siymolardan biri jahongir Iskandarga bag'ishlangan bo’lib, „Xamsa"ning yakunlovchi dostonidir. Chiqishda uni Iskandar Zulqarnayn deb ataydilar. „Zulqarnayn" so'zining ikki ma'nosi bor: birinchi ma'nosi — shoxli degani. Ikkinchi ma'nosi — kun chiqish va kun botish hukmdori degani. Birinchi bo'lib, bu mavzuni Firdavsiy qalamga olgan. diqqatini Iskandarning jahongirligiga emas, insonparvarligiga qaratadi. „Saddi Iskandariy" „Xamsa"dagi eng yirik dostondir.

       Navoiy „Saddi Iskandariy"da ham „Xamsa"ning oldingi dostonlaridagi kabi voqealarni, iloji boricha, Xuroson va Turkiston bilan bog'lashga harakat qiladi. Chunonchi, Samarqand va Hirotning bino qilinishiga alohida to'xtaydi. Doro va Iskandar to'qnashuvi munosabati bilan askarlarni ta'rif etarkan, „ikki o'rim sochdek birbiroviga chirmashib ketgan yuz ming sonlik o'zbek va mang'it qahramonlarini iftixor bilan tilga oladi.

       Alisher Navoiy haqida bir qancha shoirlar, yozuvchilar asarlar she’rlar yozgan. Misol sifatida Erkin Vohidovning quyidagi she’rini keltirishimiz mumkin.

 

O`zbek Navoiyni o`qimay qo`ysa

O`zbek Navoiyni o`qimay qo`ysa,

 Oltin boshning kalla bo`lgani shudir.

Bedil qolib Demyan Bedniyni suysa,

Qora sochning malla bo`lgani shudir.

 

 O`zbek Navoiyni o`qimay qo`ysa,

Dod demoqqa palla bo`lgani shudir.

Ma`rifatdan ayru o`ynasa, kulsa,

Aza chog`i yalla bo`lgani shudir.

 

O`zbek Navoiyni o`qimay qo`ysa,

Aldangani, alla bo`lgani shudir.

Yulg`ich aziz bo`lib, bilgich xor bo`lsa,

Paytavaning salla bo`lgani shudir.

 

El komil bo`lmasa yurt emas ulug`,

Beqadr mahalla bo`lgani shudir.

Qalb to`la nur xalqning rizqi ham to`lug`,

Ombor to`la g`alla bo`lgani shudir.

 

O`zbek o`zligini anglasa bekam,

Uning “Barakalla” bo`lgani shudir.

Olamga Navoiy nasliman degan

Ovozi baralla bo`lgani shudir.

 

       Xar yili fevral oyida hazrati Alisher Navoiy tavallud kunlariga bag’ishlab, yurtimizning ko’plab axborot-resurs markazlarida, o’quvchi yoshlarni kitobga, ulug’ allomalarning ma’naviy merosiga bo’lgan qiziqishlarni orttirish maqsadida katta katta tadbirlar o’tkazilib kelinadi. Shu jumladan Toshkent Farmasevtika instututida ham axborot-resurs markazi hodimlari tomonidan o’tkazilgan kecha hamma talabalarda yaxshi tasurot qoldirdi desak mubolag’a bo’lmaydi. Tadbirda ARM hodimlari, talabalar, professor o’qituvchilar qatnashib o’z fikr mulohazalari bilan o’rtoqlashishdi. 

Axborot-resurs markazi

Xizmat ko'rsatish bo'lim mudiri

Bahodirova D.B.


Bizning manzil: 100015, Toshkent, 45, 
    Oybek ko‘chasi, "Oybek" metro bekati,
    Toshfarmi AT markazi.
    Tel.: +99(871)256-18-74
          +99(871)252-67-60
    Faks: +99(871)256-45-04
    E-mail: tfiatm@pharmi.uz